HAVAL O‘zbekistonda yig‘iladi. ADM Jizzax portfelidagi yangi brend.
Great Wall Motor va ADM Jizzax o‘rtasida strategik hamkorlik shartnomasi imzolandi, HAVAL brendi O‘zbekistonda yig‘iladi.
2023-yil 7-iyulda GWM kompaniyasi va "ADM Jizzax" MChJ o‘rtasida distribyutorlik bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolandi va bu ikki tomon o‘rtasidagi munosabatlarni yanada chuqurlashtirish uchun mustahkam poydevor yaratdi.
Xitoy kompaniyasining GWM Eurasia prezidenti Jan Junsyu va Yevroosiyo mintaqasi bo‘yicha biznesni rivojlantirish bo‘yicha direktori Tyan Lili boshchiligidagi delegatsiyasi Jizzax viloyatida joylashgan ADM Jizzax yig‘ish maydonchasiga tashrif buyurib, bu yerda tomonlar avtomobil zavodining joriy ishlab chiqarish quvvati, qurilayotgan to'liq tsiklli avtomobil ishlab chiqarish majmuasi va avtokomponentlarni mahalliylashtirish bo'yicha klaster bilan tanishdilar. Tashrif davomida delegatsiya aʼzolari Jizzax viloyati hokimi Ergash Alibekovich Saliyev bilan ham muzokaralar olib bordilar. Uchrashuv davomida Xitoylik mehmonlarga O‘zbekiston Respublikasi va Jizzax viloyatining investitsion salohiyati, amalga oshirilayotgan loyihalar haqida so‘zlab berildi. Hokim “ADM Jizzax”ni ishonchli hamkor sifatida alohida taʼkidlab, xorijiy kompaniyalarning Oʻzbekistondagi avtomobilsozlik sohasiga qiziqishi ortib borayotganidan mamnun ekanligini taʼkidladi.
Xitoylik hamkorlar, o‘z navbatida, ushbu loyihaning O‘zbekistonda Great Wall Motors avtomobillarini ishlab chiqarishni kengaytirishdagi ahamiyatini ta’kidladilar.
Har ikki tomon ham O‘zbekiston avtomobil bozorini rivojlantirish uchun bir-birlarining professional vakolatlari va resurslariga tayanadilar. GWM Eurasia prezidenti janob Jan Junsyuning so'zlariga ko'ra, Great Wall Motor asosiy bozorlarda o'z ishtirokini kengaytirish strategiyasini davom ettiradi va keyingi o'sish uchun O'zbekiston bozorini eng istiqbolli deb hisoblaydi. “Biz ichki yonuv dvigatelli avtomobillar va yangi energiya manbalaridan quvvat oladigan avtomobillar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish bo‘yicha ushbu loyihani amalga oshirishga to‘liq e’tibor qaratganmiz”, — dedi prezident.
Prezident Jan Junsyuning so‘zlariga ko‘ra, “ADM Jizzax” bilan uzoq muddatli hamkorlik yangi texnologiyalarni joriy etish, qo‘shimcha ish o‘rinlari bilan ta’minlash hamda avtomobillarni yig‘ish va avtomobil butlovchi qismlari ishlab chiqarishni mahalliylashtirish bo‘yicha zamonaviy ishlab chiqarish bazasini yaratish imkonini beradi.
HAVAL brendi ostidagi avtomobillarni yig‘ish 2023 yilning kuz oylaridan boshlanishi rejalashtirilgan. HAVAL O‘zbekiston bozoriga Jolion, M6, H6 va Dargo modellarining yangi avlodlarini taqdim etishni rejalashtirmoqda. Kelajakda modellar qatori kengaytirilib, elektromobillar va gibrid avtomobillar ham kiritiladi.