Ommaviy oferta
- Bosh sahifa
- Ommaviy oferta
"Qishki orzu sari yo‘l" ommaviy yutuqli o‘yinida
ISHTIROK ETISH QOIDALARI
Ushbu Qoidalar 2025-yil dekabr oyida HAVAL avtomobillari xaridorlari o‘rtasida ommaviy yutuqli o‘yinni o‘tkazish shartlari, unda ishtirok etish tartibi, Ishtirokchilar va Tashkilotchining huquq va majburiyatlarini belgilaydi.
1.ASOSIY TUSHUNCHALAR
"Yutuqli o‘yin" — Tashkilotchi tomonidan bayram davrida HAVAL avtomobillari xaridorlari o‘rtasida o‘tkaziladigan rag‘batlantiruvchi tadbir bo‘lib, uning natijalariga ko‘ra tasodifiy ravishda bitta g‘olib aniqlanadi.
Mazkur yutuqli o‘yin lotereya yoki tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yin hisoblanmaydi va O‘zbekiston Respublikasining "Reklama to‘g‘risida"gi Qonunining 21-moddasi 5-qismiga muvofiq HAVAL avtomobillari sotuvini oshirish uchun faqat reklama maqsadlarida o‘tkaziladi. Sovrin jamg‘armasi va uni o‘tkazishni tashkil etish xarajatlari Ishtirokchilarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri pul badallari yoki chiptalar va boshqa nominal birliklarni sotish hisobiga shakllantirilmagan.
"Tashkilotchi" — ushbu Qoidalarga muvofiq Yutuqli o‘yinni o‘tkazadigan va Sovrinni taqdim etadigan "GREAT WALL MOTORS DISTRIBUTION" MChJ QK.
"Ishtirokchi" — ushbu Qoidalarda belgilangan davr mobaynida rasmiy dilerdan yangi HAVAL avtomobilini xarid qilgan, 18 yoshga to‘lgan, muomalaga layoqatli O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lgan jismoniy shaxs.
"Yutuqli o‘yin o‘tkazilish davri" — 2025-yil 1-dekabrdan 2025-yil 25-dekabrgacha (shu kun ham kiradi) bo‘lgan davr.
"Sovrin" — 2026-yil yanvar oyida HAVAL Sergeli’dan (Toshkent shahri, Sergeli tumani, "Bunyodobod" MFY) tog‘li dam olish majmuasiga va aksincha yo‘nalishda transfer, 4-6 kishilik kottejda yashash, nonushta asosida ovqatlanish (yoki "barchasi hisobga olingan" formati dam olish majmuasiga bog‘liq), SPA-to‘plami (butun oila uchun SPA-zonaga kirish imkoniyati), brendli sovg‘alar va sayohatni foto/video suratga olishni o‘z ichiga olgan 3 kunduz/ 2 kecha "barchasi hisobga olingan" tog‘ dam olish majmuasiga 4-6 kishilik (faqat Ishtirokchining yaqin qarindoshlari uchun) oilaviy safar. Ushbu hujjat bilan safar qilish huquqi faqat Ishtirokchi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri qarindosh bo‘lgan shaxslarga, ya’ni ota-onalar, bolalar, aka-ukalar, opa-singillar, bobolar, buvilar va nabiralarga berilishi belgilanadi. Boshqa shaxslar, shu jumladan, lekin ular bilan cheklanmagan holda, do‘stlari, tanishlari va qarindoshlik darajasiga ega bo‘lmagan shaxslar safarga qo‘yilmaydi.
"G‘olib" — Jonli efirda ochiq va tasdiqlangan randomayzer algoritmi https://wheelofnames.com/ natijalariga ko‘ra tasodifiy tanlangan ishtirokchi. Shaffoflik va xolislikni ta’minlash uchun g‘olibni aniqlash jarayoni qayd qilinadi, jonli efir yozuvi esa u o‘tkazilgandan keyin 6 (olti) oy davomida Tashkilotchining rasmiy resurslarida mavjud bo‘ladi. Texnik nosozliklar yoki randomayzer ishining to‘g‘riligiga shubha tug‘ilganda, Tashkilotchi muqobil, shunday ommaviy namoyish etiladigan tasodifiy tanlash usulidan foydalanishga haqli.
"Ishtirokchilar bazasi" — ma’lumotlari HAVAL rasmiy dilerlari tomonidan 1C tizimida qayd etiladigan xaridorlarning elektron reyestri.
2.UMUMIY QOIDALAR
2.1. Yutuqli o‘yinda ishtirok etish ixtiyoriydir. Ishtirok etish holati Ishtirokchining ushbu Qoidalarga to‘liq roziligini, shu jumladan ushbu Qoidalarning 4.13-bo‘limiga muvofiq shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berish va uzatishga roziligini anglatadi.
2.2. Yutuqli o‘yin O‘zbekiston Respublikasi hududida 2025-yil 1—25-dekabr kunlari HAVAL avtomobilini xarid qilgan jismoniy shaxslar orasida o‘tkaziladi.
2.3. Jonli efir va g‘olibni aniqlash 2025-yil 26-dekabr kuni HAVAL’ning Instagramdagi rasmiy sahifasida o‘tkaziladi.
2.4. Yutuqli o‘yinda Tashkilotchi xodimlari, HAVAL dilerlik markazlari xodimlari, shuningdek ularning yaqin qarindoshlari ishtirok eta olmaydi.
2.5.1. Ishtirokchi Yutuqli o‘yinni o‘tkazish, g‘olibni aniqlash, Sovrinni taqdim etish, shuningdek, Tashkilotchining reklama kampaniyasi doirasida kontent yaratish va tarqatish maqsadida Tashkilotchiga avtomobil xarid qilishda ko‘rsatilgan shaxsga doir ma’lumotlarini, shuningdek, g‘olib bo‘lgan taqdirda safardan foto/video suratga olish jarayonida olingan ma’lumotlarni yigʻish, tizimlashtirish, saqlash, oʻzgartirish, toʻldirish, ulardan foydalanish, ularni berish, tarqatish, uzatish va yoʻq qilishga o‘zining aniq, xabardor qilingan va ixtiyoriy roziligini beradi. Rozilik Yutuqli o‘yin o‘tkaziladigan butun davr uchun va u yakunlanganidan keyin 3 (uch) yil muddatga beriladi. Ishtirokchi bu haqda Tashkilotchini yozma ravishda xabardor qilgan holda O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilgan tartibda o‘z roziligini qaytarib olishga haqli.
2.5.2. Tashkilotchi Ishtirokchilarning shaxsga doir ma’lumotlariga ishlov berish O‘zbekiston Respublikasining 02.07.2019 yildagi "Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida"gi O‘RQ-547-son Qonuniga muvofiq amalga oshirilishi, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining shaxsga doir ma’lumotlarini O‘zbekiston Respublikasi hududida jismonan joylashgan texnik vositalardagi ma’lumotlar bazalarida to‘plash, tizimlashtirish va saqlashni tasdiqlaydi.
2.6. Tashkilotchi O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi doirasida Yutuqli o‘yin shartlarini o‘zgartirish huquqiga ega. O‘zgartirishlar rasmiy manbalarda e’lon qilingan paytdan boshlab kuchga kiradi.
2.7. Sovrin tarkibiga kirmaydigan qo‘shimcha xarajatlar (shaxsiy xarajatlar, taqdim etiladigan xizmatlardan tashqari xizmatlar, tashrifini uzaytirish va boshqalar) Ishtirokchi tomonidan mustaqil ravishda to‘lanadi. Agar G‘olib Toshkent shahrining ma’muriy hududidan tashqarida yashasa, G‘olibning oila a’zolarini Toshkent shahrigacha yetkazib qo‘yish G‘olibning o‘z kuchi va mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi, bunda safar va harakatlanish bilan bog‘liq barcha xarajatlar faqat G‘olibning zimmasiga yuklanadi.
3. TANLOV O‘TKAZISH TARTIBI VA MUDDATLARI
3.1. Yutuqli o‘yinda ishtirok etish davri:
2025-yil 1-dekabrdan 2025-yil 25-dekabrgacha (shu kun ham kiradi).
3.2. Ishtirok etish uchun quyidagilar zarur:
✓ yangi HAVAL avtomobilini xarid qilish;
✓ bexato tarzda shaxsga doir ma’lumotlarni taqdim etish;
✓ dilerlik tizimida xaridni rasmiylashtirish jarayonini yakunlash.
3.3. 2025-yil 26-dekabrda Tashkilotchi Instagram’dagi @haval_uzbekistan sahifasida jonli efir o‘tkazadi, unda yuqoridagi randomayzerdan foydalangan va butun jarayonni omma oldida namoyish etgan holda, shakllantirilgan bazadan tasodifiy ravishda bitta g‘olibni aniqlaydi.
3.4. G‘olib haqidagi ma’lumotlar HAVAL rasmiy ijtimoiy tarmoqlarida e’lon qilinadi.
3.5. Sovrinli safar 2026-yil yanvar oyida bo‘lib o‘tadi. Aniq sanalar G‘olib bilan kelishiladi.
3.6. G‘olib Sovrindan voz kechgan, undan foydalana olmagan yoki belgilangan muddatlarda hujjatlarni taqdim etmagan taqdirda, Sovrin talab qilib olinmagan deb topiladi va Tashkilotchining ixtiyoriga ko‘ra taqsimlanadi.
3.7. Sovrin pul kompensatsiyasiga almashtirilmaydi va uchinchi shaxslarga berilmaydi.
3.8. G‘olib Sovrinni qabul qilib olganligi to‘g‘risidagi hujjatni imzolashi va shaxsini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etishi shart.
3.9. Tashkilotchi Ishtirokchilarni Sovrin qiymati O‘zbekiston Respublikasining amaldagi soliq qonunchiligiga muvofiq jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘iga tortilishi mumkinligi haqida xabardor qiladi. Sovrinni olish munosabati bilan yuzaga keladigan tegishli soliqlar, yig‘imlar va boshqa to‘lovlarni to‘lash bo‘yicha barcha majburiyatlar G‘olib zimmasiga yuklanadi. Tashkilotchi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda soliq organlariga Sovrin to‘g‘risidagi barcha zarur ma’lumotlarni taqdim etish majburiyatini oladi.
3.10. Dam olish majmuasi hududiga kirish va chiqish tartibi uning hududida bo‘lgan barcha shaxslar uchun majburiy bo‘lgan dam olish majmuasining ichki tartibga soluvchi qoidalariga qat’iy muvofiq ravishda amalga oshiriladi.
4. TOMONLARNING MAJBURIYATLARI
Ishtirokchining majburiyatlari:
4.1. Xaridni rasmiylashtirishda haqqoniy tarzda shaxsga doir ma’lumotlarni taqdim etish.
4.2. Yutuqli o‘yin Qoidalari bilan tanishish va ularga rioya qilish.
4.3. Tashkilotchining so‘roviga binoan pasport/shaxsni tasdiqlovchi hujjat va JSHSHIRni taqdim etish.
4.4. Sovrinni qabul qilib olish to‘g‘risidagi hujjatni imzolash.
4.5. Ushbu Qoidalarning 2.5.1-bandiga muvofiq kontentni suratga olish uchun safarga hamrohlik qiluvchi prodakshn-jamoasining ish faoliyatiga rozilik berish.
4.6. O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq Sovrin qiymatidan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini to‘lash.
Ishtirokchiga quyidagilar taqiqlanadi:
4.7. Sovrin huquqini uchinchi shaxslarga o‘tkazish.
4.8. Sovrinni pul ekvivalentiga almashtirishni talab qilish.
4.9. G‘olibni aniqlashga to‘sqinlik qiladigan yolg‘on ma’lumotlarni taqdim etish.
Tashkilotchining majburiyatlari:
4.10. Yutuqli o‘yinning to‘g‘ri o‘tkazilishini ta’minlash.
4.11. G‘olibga mazkur Qoidalarga muvofiq Sovrinni taqdim etish.
4.12. O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq Ishtirokchilarning shaxsga doir ma’lumotlariga ishlov beriliishi, shu jumladan shaxsga doir ma’lumotlarni yigʻish, tizimlashtirish, saqlash, oʻzgartirish, toʻldirish, ulardan foydalanish, ularni berish, tarqatish, uzatish, egasizlantirish va yoʻq qilish bo‘yicha talablari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan shaxsga doir ma’lumotlarni himoya qilish talablarini ta’minlash.
4.13. Yutuqli o‘yinda ishtirok etish uchun umumiy ma’lumotlar bazasiga kiritishdan oldin Ishtirokchining shaxsga doir ma’lumotlarga dilerlar va Tashkilotchi tomonidan ishlov berish va uzatish uchun uning yozma roziligini olish.
4.14. Yutuqli o‘yin natijalarini rasmiy resurslarga joylashtirish.
5.TOMONLARNING JAVOBGARLIGI
5.1. Tashkilotchi va Ishtirokchi tashkil etilgan Yutuqli o‘yin doirasida o‘z majburiyatlarini bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi uchun O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga muvofiq javobgar bo‘ladi.
5.2. Ishtirokchilar taqdim etilgan ma’lumotlarning ishonchliligi uchun javobgardirlar.
5.3. Yutuqli o‘yin Tashkilotchisi quyidagilar uchun javobgar emas:
• xato ko‘rsatilgan ma’lumotlar tufayli G‘olib bilan bog‘lana olmaslik;
• Tashkilotchi nazoratidan tashqarida bo‘lgan tashqi xizmatlar faoliyatidagi texnik nosozliklar;
• G‘olibning Sovrindan voz kechishi yoki undan foydalana olmasligi;
• Ishtirokchilarning Sovg‘ada ko‘zda tutilmagan qo‘shimcha xarajatlari
• G‘olib tomonidan olingan Sovrin bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi soliq qonunchiligiga rioya etilmaganligi.
5.4. Yutuqli o‘yinda ishtirok etish Ishtirokchining ushbu Qoidalarga to‘liq roziligini anglatadi.
5.5. Ishtirokchi tomonidan qonun hujjatlari yoki uchinchi shaxslarning huquqlari buzilishi bilan bog‘liq uchinchi shaxslar tomonidan da’volar bildirilgan taqdirda, javobgarlik Ishtirokchining zimmasida bo‘ladi.
